"Adabiy qahramon" deganda, birinchi navbatda, badiiy asarlardagi inson obrazi nazarda tutiladi. "Adabiy qahramon" esa hamisha adabiyotshunoslikda muhim muammolardan biri sanaladi. Badiiy asarlarda kishilar obrazi hayot voqealari jarayonida, xayol-tasawurdagi olam ichida ko'rsatiladi. Ular fe’l-atvori, xatti-harakatiga ko'ra bir-biridan ajralib turadi. She’riy, nasriy va drama turiga mansub asarlardagi kishilar obrazi o'ziga xos xususiyatlari bilan e’tiborni tortadi. Adabiy qahramon obrazi badiiy asarning tarkibiy qismini tashkil etuvchi, uning syujeti va kompozitsiyasini belgilovchi juda ko'p omillar bilan bevosita bog'lanib ketadi. Xususan, syujet tizimida voqealarni tahlil qilganda, hodisalar ro'y beradigan zamon va makon to'g'risida so'z yuritilganda, muaiiif maqsadi va asar g'oyasi xususida mulohaza bildirilganida, albatta, hikoya, qissa, roman, drama, komediya, tragediya, doston, afsonadagi adabiy qahramon obraziga e’tibor qaratiladi. Urg'ulanayotgan hayot hodisalari qanday yoritilgani adabiy qahramon obrazi qanaqa gavdalantirilganidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Adib, shoir, dramaturgning ijodkor sifatidagi mahorati ham, asarning badiiylik darajasiga ham unda adabiy qahramon obrazi qanday aks ettirilganiga qarab baho beriladi. Har bir asarning o'ziga xosligi, o'z-o'zidan ayonki, undagi adabiy qahramon obrazida ko'rinadi. Badiiy asar "sahna"sida bir emas, bir necha adabiy qahramon harakatlanadi. Ular voqealar jarayonidagi ishtiroki darajasi, syujet tizimidagi hodisalarda tutgan o'rniga ko'ra, shartli tarzda, "bosh qahramon", "asosiy qahramon" "ikkinchi darajali qahramon” tarzida ajratiladi. Asarda diqqat markaziga qo'yilgan muammo ularni bir-biri bilan o'zaro bog'lab turadi. Adabiy qahramonlarning har biri o'zining faoliyati bilan diqqat qaratilgan muammoning muayyan jihati, qaysidir qirrasini yoritadi. Ular asosiy adabiy qahramonning xarakteri xususiyatlari namoyon bo'lishiga o'z hissasini qo'shadi. Mazkur maqolada badiiy asarlarda inson obrazi qanday aks ettirilishi to'g'risida mulohaza yuritiladi.
Read full abstract